top of page

"Uzbekistan Airways" AJ kompaniyasiga tegishli bo‘lgan havo kemasining burnini nima pachaqladi?

Ijtimoiy tarmoqlarda "Uzbekistan Airways" AJ kompaniyasiga tegishli bo‘lgan yo‘lovchi tashuvchi havo kemasining burin qismi pachaqlangan holda parvoz qilgani haqidagi xabarlar va suratlar tarqaldi.


Holatga "Uzbekistan Airways" AJ kompaniyasi munosabat bildirdi. 3-avgust kuni Krasnoyarsk – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY9684 aviaqatnovini amalga oshirgan A320 UK32015 havo kemasi bir soatlik parvozdan so‘ng Rossiya va Qozog‘iston chegarasi bo‘ylab 11000 metr balandlikda parvoz qilayotib, bu balandlik uchun anomal meteorologik hodisaga (do‘l) duch keladi. Natijada, parvoz kemasining oldi oynalari shikastlanadi. Ekipaj belgilangan protseduralarni amalga oshirganidan so‘ng, parvozni davom ettirishga qaror qiladi. Toshkentga qo‘nish jadvalga muvofiq amalga oshiriladi. Parvozdan keyingi tekshiruvda shuningdek, meteolokator burun konusining (kok) shikastlanishi aniqlanadi.


Havo kemasi bortida 174 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan.


Hozirgi vaqtda havo kemasining shikastlangan qismini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlarda havo kemasi muntazam ravishda parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi. "Eslatib o‘tamiz, ushbu hodisa parvozlarni davom ettirish uchun tahdid yoki jiddiy muammo tug‘dirmaydi. Aviakompaniya uchun yo‘lovchilar xavfsizligi yuqori o‘rinda turadi",-deydi “Uzbekistan Airways” AJ Axborot xizmati.


Bundan oldin 2023-yil 13-noyabr kuni Toshkent xalqaro aeroporti avtobusi haydovchisi aerodrom hududida harakatlanish qoidalarini buzgan holda havo kemasi bilan to‘qnashgandi. Samolyotning agregatlari harakatlanayotganda havo qarshiligini kamaytirishga yordam beradigan qismi shikastlangan edi.


Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari havo kemasining shikastlangan qismini almashtirish bo‘yicha ta’mirlash ishlarini olib borishgan. Shundan keyin havo kemasiga parvozlarga ruxsat berilgan edi.



19 views
bottom of page