O‘zbekistonda yangi — 400 ming so‘mlik banknota rasmi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. Mazkur xabarlar yuzasidan Markaziy bank ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘layotgan 400 ming so‘mlik kupyura haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ushbu suratda 100 ming so‘mlik kupyura dizaynini ko‘rish mumkin. Markaziy bank axborot xizmati rahbari agar yangi banknota chiqarilsa, rasmiy e’lon qilinishini ta’kidladi.
“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi pul belgilarining nominal qiymati Markaziy bank tomonidan belgilanadi. Mazkur qonunning 40-moddasiga muvofiq, Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega bo‘lib, yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar, shuningdek, ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Shunga ko‘ra, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 400 000 so‘m nominaldagi banknotlar hech qanday qonuniy asoslarga ega emasligi va fuqarolarimiz bunday yolg‘on xabarlarga aldanib qolmasligini so‘raymiz.
Faktcheсker.uz xulosasi: yolg‘on