top of page

Asosiy kiber firibgarliklar xorijdan turib sodir etiladimi?

Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda ikki mingtadan ortiq kiberjinoyatlar sodir etildi. Bu haqda Markaziy bankning Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i o‘rinbosari Davron Abdullayev bergan intervyularidan birida maʼlum qildi.

Davron Abdullayev fikriga ko‘ra, kiberjinoyatlar ortishiga asosiy sabablardan biri aholida moliyaviy savodxonlik yetishmayotgani bilan bog‘liq.



“Joriy yilning I choragida ikki mingtadan uch mingtagacha kiber firibgarlik jinoyatlari sodir etilgan. Hozirda biz asosiy eʼtiborni aholini moliyaviy savodxonligini oshirish ishlariga qaratganmiz. Chunki odamlarga firibgarlar: “Markaziy bankdanman”, deb qo‘ng‘iroq qilsa, aholi “Markaziy bank kredit bilan shug‘ullanarkan”, deb o‘ylab qolmoqda. Keyin telefoniga kelgan kodlar va “dostup”ni firibgarlarga berib qo‘ymoqda. Kredit bilan shug‘ullanish Markaziy bank faoliyatiga kirmaydi. Markaziy bank to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqaro bilan ham ishlamaydi. Chunki u regulyator hisoblanadi. Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari bilan ishlaydi. Ularga yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar va ko‘rsatmalar beradi”, — dedi mutaxassis.

Ma'lumot uchun Markaziy bank kredit bilan shug‘ullanmasligini eslatib o‘tmoqchimiz.

Markaziy bank vakilining maʼlum qilishicha, O‘zbekistondagi kiber firibgarliklarning deyarli hammasi chet eldan turib amalga oshirilmoqda.

“Aholimizga telefon qilayotgan firibgarlar asosan ruslar bo‘lmoqda. Ular o‘zbekchani bilmaydi. O‘zbek fuqaroga telefon qilyapti-da, rus tilida “men Markaziy bankdanman”, deb o‘zini tanishtiryapti. O‘zbek fuqarolarda nega Markaziy bank xodimi bo‘lsa, o‘zbekcha gapira olmayapti, degan shubha ham paydo bo‘lmayapti. Firibgarlar asosan chet eldan kiberjinoyat sodir etmoqda, O‘zbekistondan emas.

“Podmena nomera” degan dastur bor. Unda chet elda turgan holda o‘zbekistonliklarga O‘zbekistonning mobil raqami orqali qo‘ng‘iroq qilish imkoni bor. Siz o‘sha dasturdan foydalangan xorijdagi odam bilan gaplashib bo‘lgach, u raqamga qayta qo‘ng‘iroq qilsangiz, mutlaqo boshqa odam bilan bog‘lanasiz. Odamlar shu orqali ko‘p aldanib qolyapti”,—dedi Davron Abdullayev.

Markaziy bankning maʼlum qilishicha, firibgarlar Telegramʼda “Markaziy_Banki_uz” nomli soxta kanal orqali fuqarolarga onlayn kreditlar taklif etmoqda.



Aldangan fuqaroning bank kartalariga oid maʼlumotlarni qo‘lga kiritgach, uning pullarini o‘zlashtirish holatlari ko‘p uchramoqda. Regulyator fuqarolardan bunday xabarlarga eʼtibor qaratmaslik va bank kartalari maʼlumotlarini uchinchi shaxslarga bermaslikni so‘ragan.

Mutaxassislar fikricha, aholida moliyaviy savodxonlik oshsa, bu kabi firibgarlik holatlari kamayadi. Aks holda muammo barham topishi qiyin bo‘lishi mumkin.

166 views
bottom of page